14-modda. Tovarning bojxona bahosi ustidan nazoratni amalga oshirishda bojxona organining huquq va majburiyatlari
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Tovarning bojxona bahosi ustidan nazoratni amalga oshirishda bojxona organi quyidagi huquqlarga ega:
deklarant eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi haqida qaror qabul qilish;
basharti deklarant oʻzi foydalangan maʼlumotlarining toʻgʻriligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmasa, tovarning bojxona qiymatini aniqlashda deklarant foydalangan usulni qoʻllash mumkin emasligi haqida qaror qabul qilish;
deklarant eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlanganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlmasa yoki deklarant taqdim etgan maʼlumotlarni notoʻgʻri va (yoki) toʻliq emas deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlsa, oʻzida bor maʼlumotlarga (shu jumladan aynan bir xil boʻlgan yoki oʻxshash tovarlarning baholari haqidagi axborotga) asoslanib, ushbu Qonunga muvofiq tuzatishlar kiritish yoʻli bilan bojxona qiymatini aniqlash usullarini birin-ketin qoʻllagan holda deklaratsiya berilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash.
Bojxona organi deklarantning yozma soʻroviga binoan, u eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati bojxona organi tomonidan qabul qilinmaganligining sabablari koʻrsatilgan tushuntirish xatini deklarantga taqdim qilishi shart.
