8-modda. Oliy taʼlim tizimi muassasalarining, shuningdek boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar hamda tashkilotlarning ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-576-son) · Sana: 29.10.2019 · Amalda
Oliy taʼlim tizimi muassasalari, shuningdek boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar va tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida:
ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishda qatnashadi;
ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritadi;
davlat ilmiy dasturlari, shuningdek xalqaro dasturlarni ishlab chiqishda qatnashadi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
oʻz boʻysunuvidagi tegishli taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda samarali hamda raqobatbardosh ilmiy faoliyat yuritilishini taʼminlaydi;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi, ilmiy faoliyat yurituvchilarni ragʻbatlantirib boradi;
ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi va amalga oshiradi;
oʻz boʻysunuvidagi ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlab boradi;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtiradi va ular egalarini ragʻbatlantiradi, shuningdek yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning samarali ilmiy faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etishda qatnashadi.
