29-modda. Ilmiy faoliyatning axborot taʼminoti
Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-576-son) · Sana: 29.10.2019 · Amalda
Ilmiy faoliyat subyektlari, davlat, xizmat, tijorat yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotdan tashqari, ilmiy, statistik va boshqa axborotni erkin tarzda izlash, olish va tarqatish huquqiga egadir.
Ilmiy, statistik va boshqa axborotlar, shu jumladan milliy va xalqaro axborot jamgʻarmalarida, tizimlarida, maʼlumotlar banki va bazalarida joylashtirilgan maʼlumotlar bilan tanishish hamda ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
Vakolatli davlat organi va boshqa davlat boshqaruvi organlari oʻz boʻysunuvidagi ilmiy tashkilotlarni ilmiy axborot bilan taʼminlaydi, ilmiy hisobotlar va tugallangan ilmiy ishlar maʼlumotlar bazalarini yuritadi, shuningdek ilmiy faoliyat natijalarini ilmiy axborot manbalarida chop etish va ulardan amaliy foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Davlat boshqaruvi organlari ilmiy axborotni yigʻish, toʻplash, qayta ishlash, saqlash va undan foydalanishni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar, axborot-kutubxona markazlari faoliyatiga yordam koʻrsatadi, ilmiy mahsulotlar, shu jumladan ilmiy jurnallar, kitoblar va boshqa bosma nashrlarni chop etish hamda tarqatish, milliy va xalqaro ilmiy nashrlar, axborot jamgʻarmalari, tizimlari, maʼlumotlar banki va bazalariga kirishga koʻmaklashadi.
