14-modda. Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari
Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-576-son) · Sana: 29.10.2019 · Amalda
Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:
ilmiy faoliyat turi, yoʻnalishi va vositalarini tanlash;
ilmiy faoliyatni yakka tartibda yoki jamoaviy asosda olib borish;
inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan ilmiy faoliyatda qatnashishni rad qilish;
bajargan ishining darajasi va sifatiga koʻra moddiy ragʻbat olish, shuningdek ilmiy faoliyati natijalarini amaliyotga tatbiq etishdan mukofot yoki daromad olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalar boʻyicha tanlovlarda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
oʻzi tomonidan yoki hammualliflikda bajarilgan ilmiy ishlanmalar natijalaridan, agar ular davlat, xizmat va tijoratga oid yoki qonunchilikka muvofiq muhofaza qilinadigan boshqa sirlardan tarkib topmagan boʻlsa, erkin foydalanish, ularni tarqatish va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;
ilm-fan sohasida tadbirkorlik faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshirish;
pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish, maslahatchi va ekspert boʻlish;
agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ilmiy faoliyat natijalarini ilmiy maʼruza, maqola, monografiya va dissertatsiya himoyasi koʻrinishida hamda boshqa shakllarda taqdim etish huquqiga ega.
Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:
inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikka;
koʻchirmachilikka yoʻl qoʻymaslikka, oʻzgalarning ilmiy ishlanmalarini oʻzlashtirmaslikka va yolgʻon maʼlumotlarga asoslanmaslikka;
intellektual mulk huquqlari va ilmiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishga majburdir.
