Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini 2019-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (Қ-999-son)
15.03.2019
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi nizom ijrosini taʼminlash hamda 2019-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni uyushqoqlik bilan, sifatli tashkil etilishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkamalarni (keyingi oʻrinda Transport vositalari deb yuritiladi) davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish tuman ichki ishlar boʻlimlarining yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (F. Allanazarov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda diagnostika stansiyalari, xususiy texnik xizmat koʻrsatish stansiyalarining sozligi hamda harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining belgilangan tartibda jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
4. 2019-yil davomida texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan, sifatli oʻtkazish maqsadida, tuman komissiyasi tuzilsin.
Komissiya aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. 2019-yil davomida tumandagi yuridik shaxslarning transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
6. Tuman IIB YHXG (F. Allanazarov)ga:
yuridik shaxslarning transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvalini tumandagi barcha korxona, muassasa va tashkilotlarga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishi taʼminlash;
xususiy texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari (TXS) va tadbirkorlik subyektlari (Subyektlar) tomonidan transport vositalarining texnik holati va uskunalarining muvofiqligini baholash belgilangan talablar va qatʼiy belgilangan narxlar asosida amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olish yuklatilsin.
7. Tumandagi har bir tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari hamda shaxsiy avtomashina egalariga avtotransport vositalarining doimiy ravishda texnik jihatdan sozligini taʼminlash va oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etilsin.
8. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari J. Shapoʻlatov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Tuman hokimi Z. DAVLATOV
Jarqoʻrgʻon t.,
2019-yil 15-mart,
Q-999-son
Tuman hokimining 2019-yil 15-martdagi Q-999-sonli qaroriga 1-ILOVA
2019-yilda majburiy texnik koʻrikni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tuman hokimligi qoshida tuzilgan komissiya
TARKIBI
F. Allanazarov — Tuman IIB YXXG katta inspektori, komissiya raisi Komissiya aʼzolari T. Amonov — Tuman xokimligi kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish majmuasi bosh mutaxassisi A. Xolmoʻminov — Tumandagi texnikalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi aʼzosi E. Umrzakov — Tuman mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi Sh. Xujamkulov — Tuman mudofaaga kumaklashuvchi “Vatanpar” tuman kengashi rahbari D. Normurodov — Tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi O. Safarov — Tibbiyot birlashmasi rahbari F. Turayeva — Tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbari B. Kosimov — Tuman Davlat soliq inspeksiyasi rahbari Gʻ. Xujanov — Tuman “Mahalla” jamgʻarmasi raisi
