8-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida (O‘RQ-574-son) · Sana: 23.10.2019 · Amalda
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash:
ona suti bilan oziqlantirish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
emizikli onalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek ular uchun qulay mehnat va oʻqish sharoitlarini yaratish;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shu jumladan emizikli onalarga va kichik yoshdagi bolalarga kafolatlangan bepul tibbiy xizmat koʻrsatish tartibini takomillashtirish orqali amalga oshiriladi.
Ona suti bilan oziqlantirishni targʻib qilish sogʻliqni saqlash organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aholi oʻrtasida muntazam ravishda axborot-tushuntirish tadbirlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining, reproduktiv yoshdagi ayollarga, homilador ayollarga, emizikli onalarga tibbiy yordam koʻrsatuvchi muassasalarning tibbiyot xodimlari ushbu ayollar va onalarga hamda ularning oila aʼzolariga:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning yoshi hamda fiziologik ehtiyojlariga muvofiq ularni ovqatlantirish qoidalariga rioya etishga doir;
homilador ayollarning, emizikli onalarning toʻgʻri ovqatlanishiga va ularni ona suti bilan oziqlantirishga tayyorlashga doir;
ona suti bilan oziqlantirishning foydasi, afzalligi hamda uning ona va bola sogʻligʻiga taʼsiri toʻgʻrisida;
goʻdakni olti oygacha ovqatlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirish, shuningdek ona suti bilan oziqlantirishni ikki va undan katta yoshgacha davom ettirish zarurligi haqida;
olti oylikdan boshlab bolalar uchun qoʻshimcha oziq-ovqatning va qoʻshimcha ovqat mahsulotlarining muhimligi toʻgʻrisida;
goʻdaklarning ovqatlanish ratsioniga ona sutiga qoʻshimcha ovqat mahsulotlarini barvaqt va kechiktirib kiritishning, ona suti bilan oziqlantirish davomiyligini qisqartirishning oqibatlari haqida;
nooqilona ovqatlantirishning, ayniqsa sunʼiy oziqlantirishning bolalar sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisida axborot beradi.
