3-modda. Asosiy tushunchalar
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida (O‘RQ-574-son) · Sana: 23.10.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
goʻdak — bir yoshgacha boʻlgan bola;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlari — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar organizmining fiziologik xususiyatlariga hamda ehtiyojlariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari;
kichik yoshdagi bolalar — bir yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolalar;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona suti oʻrnini bosadigan oziq-ovqat mahsulotlari;
sunʼiy oziqlantirish — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan oziqlantirish;
qoʻshimcha ovqat mahsulotlari — bola yoshining fiziologik xususiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqarilgan, tavsiya etilgan muddatlarda ona sutiga, ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarga qoʻshimcha sifatida goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar ratsioniga kiritiladigan oziq-ovqat mahsulotlari.
