15-modda. Idishchalarni va soʻrgʻichlarni tamgʻalashga doir talablar
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida (O‘RQ-574-son) · Sana: 23.10.2019 · Amalda
Oziqlantirish uchun moʻljallangan idishchalarning va soʻrgʻichlarning tamgʻasida (yorligʻida) quyidagilar boʻlishi kerak:
ishlab chiqaruvchining, oʻrovchi-joylovchining, eksport qiluvchining, import qiluvchining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va mamlakat nomi;
tovarning nomi;
ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (mavjud boʻlgan taqdirda);
mahsulotning tarkibi;
saqlash shartlari;
yaroqlilik muddati;
sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi axborot;
ishlab chiqarilgan va oʻrab-joylangan sana;
belgilangan maqsadi va qoʻllanilish shartlari;
mahsulot texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qaysi normativ hujjatga muvofiq ishlab chiqarilgan boʻlsa va identifikatsiya qilinishi mumkin boʻlsa, idishchalar va soʻrgʻichlar uchun oʻsha normativ hujjatga ishora;
idishcha, soʻrgʻich qaysi xom ashyodan ishlab chiqarilgan boʻlsa, oʻsha xom ashyo toʻgʻrisidagi axborot;
yuvish va sterilizatsiya qilishga taalluqli boʻlgan, soʻzlar orqali ifodalangan hamda jadval shaklidagi yoʻriqnoma.
Idishchalar va soʻrgʻichlarning tamgʻasi (yorligʻi) quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
loʻnda, toʻliq va ishonchli axborotga ega boʻlishi;
davlat tilidagi va zarur boʻlgan taqdirda boshqa tillardagi yozuvlarni oʻz ichiga olishi. Agar matn isteʼmolchi tushunmaydigan tilda bayon etilgan boʻlsa, yorliqning asl nusxasi almashtirilmagan holda, davlat tilidagi qoʻshimcha yorliqdan foydalaniladi. Bunda yozuv shakli oson oʻqiladigan boʻlishi kerak.
