11-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning, yetkazib beruvchilarning, reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilarning faoliyatini cheklash
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida (O‘RQ-574-son) · Sana: 23.10.2019 · Amalda
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, shuningdek reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilar faoliyatiga oid cheklovlar quyidagilarga taalluqli taqiqlardan iboratdir:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishmagan holda amalga oshirishga;
tibbiyot xodimlariga goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi uchun ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan bogʻliq boʻlgan reklama tusidagi materiallar taqdim etishga, bundan ilmiy axborot mustasno;
ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarning nomidan foydalangan holda tovarlarni (tibbiyot xalatlarini, futbolkalarni, bosh kiyimlarini, kanselyariya ashyolarini va boshqalarni) tekin asosda tarqatishga;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar toʻgʻrisidagi reklama mahsulotini onalar va ularning oila aʼzolari oʻrtasida tarqatishga;
homilador ayollarga, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning onalariga hamda ularning oila aʼzolariga ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni qoʻllashga yoki idishchalardan oziqlantirishga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan mahsulotlarni, shuningdek buyumlar yoki ashyolar tarzidagi biror-bir sovgʻani berishga (bundan ona suti bilan oziqlantirishga tibbiy jihatdan mutlaq moneliklar mavjud boʻlgan hollar mustasno);
tibbiyot muassasalariga (ona suti bilan oziqlantirishga mutlaq qarshi tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan taqdirda ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni beruvchi bolalar uylari va davolash-profilaktika muassasalaridan tashqari) ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni, bundan bolalarni maxsus davolash boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari mustasno, berishga.
