7-modda. Valyutani tartibga soluvchi davlat organi
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki valyutani tartibga soluvchi davlat organidir (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi).
Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida:
norezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;
valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi;
banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining limitlarini belgilaydi;
umum eʼtirof etilgan xalqaro amaliyotga muvofiq valyuta operatsiyalarining va tashqi sektorning statistikasini tayyorlaydi hamda eʼlon qiladi;
rezidentlar va norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartibini belgilaydi, shu jumladan valyutani nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi banklari uchun valyuta operatsiyalari hisobi va hisoboti shakllarini hamda ularni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;
tashqi sektor statistikasini tuzish uchun barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilishi majburiy boʻlgan valyuta operatsiyalarining hisobi va hisoboti shakllarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi banklarining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solishni va nazorat qilishni amalga oshiradi.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida valyuta operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish huquqiga ega.
