4-modda. Asosiy tushunchalar
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
valyuta kursi — chet el valyutasining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasiga nisbatan kursi;
valyutani nazorat qilish — valyutani nazorat qiluvchi organlarning valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan faoliyati;
valyuta operatsiyalari — valyuta qimmatliklariga boʻlgan mulk huquqining va boshqa huquqlarning oʻtishi bilan bogʻliq operatsiyalar, valyuta qimmatliklaridan toʻlov vositasi sifatida foydalanish, valyuta qimmatliklarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, joʻnatish va oʻtkazish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, joʻnatish va oʻtkazish, rezidentlar va norezidentlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi valyutasidagi operatsiyalar;
valyutani tartibga solish — valyuta qimmatliklarining muomalada boʻlish tartibini, valyuta qimmatliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish qoidalarini belgilash yuzasidan valyutani tartibga solish organining faoliyati;
valyuta qimmatliklari — chet el valyutasi, nominali chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar va toʻlov hujjatlari, norezidentlar tomonidan chiqarilgan, nominalga ega boʻlmagan qimmatli qogʻozlar, sof quyma oltin;
chet el valyutasi — muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd toʻlovning qonuniy vositasi boʻlgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim boʻlgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablagʻlar;
chet el valyutasi bilan bogʻliq boʻlgan hosilaviy moliya vositalari (valyuta derivativlari) — chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha shartnomalar boʻlib, ushbu shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish muayyan muddat oʻtgach yoki chet el valyutasining miqdoriga yoxud uning kursi oʻzgarishiga qarab amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi valyutasi (milliy valyuta) — Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi (soʻm).
