6-modda. Metsenatlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Metsenatlik toʻgʻrisida (O‘RQ-571-son) · Sana: 16.10.2019 · Amalda
Metsenatlik faoliyati qonuniylik, ixtiyoriylik, insonparvarlik va hisobotlarning ishonchliligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Metsenatlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ixtiyoriylik prinsipi metsenatlarga metsenatlik koʻmagini koʻrsatish huquqini va metsenatlik koʻmagini oluvchilarga uchinchi shaxslar tomonidan majburiy taʼsir koʻrsatmasdan bunday koʻmakni olish yoki olmaslik huquqini berishdan iboratdir.
Metsenatlik faoliyati jamiyatda insonning insonparvarlashtirilgan yashash muhitini shakllantirishga, uning ijodiy faoliyati erkinligini taʼminlashga doir intilishga asoslanadi.
Metsenatlar va metsenatlik koʻmagini oluvchilar metsenatlik koʻmagini berish hamda undan foydalanish jarayonlarida ishonchli hisobni yuritishi shart.
