6-modda. Shaharsozlik faoliyatining asosiy talablari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik faoliyatining asosiy talablari quyidagilardan iborat:
shaharsozlik faoliyati barcha subyektlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi;
hududlar va aholi punktlarini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning taʼsiridan himoya qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilish;
madaniy meros obyektlarini va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etish;
aholi punktlarini aholi punktining mazkur turi uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan aholiga xizmat koʻrsatish darajasidan kam boʻlmagan muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, rekreatsiya va sogʻlomlashtirish maqsadlariga moʻljallangan obyektlar, shuningdek hududlarni obodonlashtirish obyektlari bilan taʼminlash;
nogironlarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan (uy-joy, jamoat, ishlab chiqarish binolari va inshootlari, dam olish joylari, madaniy-tomosha muassasalari va boshqa obyektlardan) moneliksiz foydalanishi uchun sharoitlar yaratish;
shaharsozlik faoliyati sohasida qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolar, jamoat birlashmalari ishtirok etishi uchun sharoitlarni taʼminlash;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi.
