54-modda. Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma — yer uchastkasi mulkdori, egasi yoki bu uchastkadan foydalanuvchining yer uchastkasida qurishni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, uning davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma buyurtmachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tegishli tarkibiy boʻlinmasida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma mavjudligi haqidagi axborotni buyurtmachi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga ularning talablariga binoan taqdim etadi. Buyurtmachi qurilish boshlanadigan muddat toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tegishli tarkibiy boʻlinmasiga axborot taqdim etishi shart.
Yakka tartibdagi uy qurilishi uyning poydevori, yertoʻlasi, qavatlari, kesim va old tomonlarining rejalari, shuningdek yer uchastkasi rejasidan iborat boʻlgan soddalashtirilgan loyiha boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Binolar, inshootlar va boshqa obyektlarga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganda ularning qurilishiga doir ruxsatnomaning kuchi saqlanib qoladi va bu ruxsatnoma belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
