52-modda. Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish hamda uning chegaralaridagi shaharsozlik faoliyati shu shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlari, aholi punktlariaro hududlar aholisining manfaatlarini, shuningdek shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining manfaatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Shahar atrofi zonalari hududlarining zonalashtirilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarida, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarida, shuningdek shaharlarning shahar atrofi zonalari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan bosh rejalarida belgilanadi.
Shahar atrofi zonalarida sanitariya va rekreatsion vazifalarni bajaradigan koʻkalamzor zonalar ajratiladi. Koʻkalamzor zonalarda atrof-muhitga zararli taʼsir etadigan xoʻjalik va boshqa xil faoliyat olib borish taqiqlanadi.
Shaharni shahar atrofi zonasi chegaralarida rivojlantirish uchun hududlar doirasida binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiyasi va kengaytirilishi shahar hokimi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
