46-modda. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari havo, temir yoʻl, avtomobil, daryo transporti va quvur orqali yetkazib berish transporti, aloqa inshootlari hamda kommunikatsiyalari va muhandislik uskunalari joylashtirilishi hamda ishlab turishi uchun moʻljallangan boʻladi.
Yashash va faoliyat koʻrsatish muhitiga transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalari hamda muhandislik uskunalari zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish bunday obyektlardan turar joy, ijtimoiy-amaliy va rekreatsion zonalar hududigacha zarur oraliq masofa boʻlishi hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga, shuningdek qurishning maxsus normativlari va qoidalariga muvofiq boshqa talablarga rioya etilishi orqali taʼminlanadi.
Transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalari, muhandislik uskunalari yer uchastkalari chegaralaridagi hududlar va ularning sanitariya-muhofaza zonalari mazkur yer uchastkalarining mulkdorlari tomonidan obodonlashtirilishi lozim.
Foydalanilishi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga toʻgʻridan toʻgʻri zararli taʼsir koʻrsatadigan transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarini hamda muhandislik uskunalarini aholi punktlari doirasida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
