41-modda. Hududlarning zonalashtirilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Hududlarning zonalashtirilishi yashash va faoliyat koʻrsatish uchun qulay muhitni taʼminlashga, hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilishga, aholi va ishlab chiqarish haddan tashqari zich joylashishi, atrof-muhit ifloslanishi oldini olishga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, shuningdek madaniy meros obyektlarini, qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmonzorlarni muhofaza qilishga va ulardan foydalanishga qaratilgandir.
Quyidagi zonalarda hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishda cheklashlar belgilanadi:
madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari, qoʻriqxona zonalarida;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar zonalarida;
sanitariya zonalarida;
muhofaza zonalarida;
sanitariya-muhofaza zonalarida;
foydali qazilmalar joylashgan zonalarda;
tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga uchragan zonalarda;
favqulodda ekologik holatlar va ekologik ofat zonalarida;
tabiiy-iqlim sharoiti ekstremal zonalarda.
Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq cheklashlar boshqa zonalarda ham belgilanishi mumkin.
Hududlarning funksional maqsadi va ulardan foydalanish jadalligi hududlardan foydalanishdagi cheklashlar hisobga olingan holda belgilanadi.
