4-modda. Jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik vositalari orqali shahar va qishloq aholi punktlari aholisining qulay yashash sharoitlarini taʼminlash, xoʻjalik va boshqa faoliyatning atrof-muhitga yetkazadigan zararli taʼsiriga yoʻl qoʻymaslik, ekologik holatni yaxshilash, aholi punktlarining va ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish uchun sharoitlarni taʼminlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning davlat tizimlari ish olib borishi, tabiiy resurslarni saqlash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, shuningdek manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Shaharsozlik sohasida jamiyat va davlat manfaatlarini uygʻunlashtirish davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari tomonidan taʼminlanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlariga ularning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan manfaatlari taalluqlidir.
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, basharti bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mulk obyektlarining mulkdorlari, egalari hamda mazkur uchastka va obyektlardan foydalanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan boʻlsa, cheklanishi kerak.
Jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari shaharsozlik normalari va qoidalari, boshqa qonun hujjatlari, shaharsozlik hujjatlari talablari bajarilishi, shuningdek bu talablarga rioya etilishini nazorat qilish orqali taʼminlanadi.
Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid boʻlsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak.
