34-modda. Aholi punktining bosh rejasi
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Aholi punktining bosh rejasi:
aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni istiqbolini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini;
hududning zonalashtirilishini va qurish navbatini;
aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini;
aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududi nisbatini;
aholi punktini rivojlantirish uchun belgilangan zaxira hududni;
aholi punktining chegaralarini;
aholi punkti hududini rivojlantirish boʻyicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
Shaharning bosh rejasi va shahar atrofi zonasini rejalashtirish loyihasi chegaradosh hududlarning davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi kelishuv asosida yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Aholi soni yigirma ming kishigacha boʻlgan kichik shaharlarning va yirik qishloq aholi punktlarining bosh rejasi batafsil rejalashtirish loyihasi bilan birga yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Hududida madaniy meros obyektlari boʻlgan aholi punktining bosh rejasi ishlab chiqilayotganda mazkur aholi punktining tarixiy-arxitektura rejasi va madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari inobatga olinadi.
Bosh rejalar, xususan:
qonun hujjatlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolat doirasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tomonidan;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalari tegishli tumanlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlarning hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Aholi punkti bosh rejasining asosiy qoidalari bu reja tasdiqlangunga qadar manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan boʻlishi lozim.
