31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari:
hududning zonalashtirilishini;
aholini joylashtirish tizimlarini takomillashtirishning, aholi punktlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini;
sanoatni, qishloq xoʻjaligini, mintaqaviy hamda aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini;
aholi punktlari va shaharlarning shahar atrofi zonalari chegaralarini;
shaharsozlik vositalari orqali Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash chora-tadbirlarini;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
