27-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik hujjatlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar tomonidan shartnomaga asosan hamda buyurtmachi bergan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi bilan kelishilgan topshiriq asosida ishlab chiqiladi.
Shaharsozlik hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi hamda tasdiqlanadi. Ushbu Kodeks 26-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3, 4-bandlarida koʻrsatilgan shaharsozlik hujjatlarining tasdiqlangan bir nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tegishli tarkibiy boʻlinmasiga topshirilishi lozim.
Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar hujjatlarni tasdiqlagan organning qaroriga koʻra kiritiladi.
