22-modda. Viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari:
viloyat, Toshkent shahar hududini rejalashtirish tarhlari hamda tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va oʻz hududlariga oid boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
viloyat, Toshkent shahar hududini rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
viloyat, Toshkent shahar hududini rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻradi;
viloyat, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik beradi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda qurish qoidalarini ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
