20-modda. Tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlari:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi, shuningdek uy-joy fondi, jamoat hamda ishlab chiqarish obyektlari saqlanishini taʼminlaydi;
aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal etadi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarning qurilishiga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi hamda bunday obyektlarning moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
oʻz hududida shaharsozlik faoliyatini, basharti bu faoliyat mazkur Kodeks va boshqa qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, toʻxtatib qoʻyadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib qoʻyish hollari mustasno;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan obyektlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buzib tashlanishini tashkil etadi;
tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
obyektlar qurilishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
binolar, inshootlar hamda aholi punktlari boshqa obyektlarining texnik holati inventarizatsiyadan oʻtkazilishini tashkil qiladi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlardan aholini muntazam xabardor qilib boradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Ushbu modda sakkizinchi xatboshisidagi qoidalar shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning davlat hokimiyati organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
