2-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholini joylashtirish tizimi — mavjud aholi punktlarini rivojlantirish hamda yangi aholi punktlarini barpo etish yoʻli bilan aholini tegishli hududga tartibga solib boriladigan tarzda joylashtirishning shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan asosiy yoʻnalishlari;
aholi punktining bosh rejasi — yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks sharoitlarini, aholi punktlari hududiy rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati;
aholi punktlariaro hududlar — aholi punktlari chegarasidan tashqaridagi ikki va undan ortiq aholi punkti oʻrtasidagi hududlar;
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki boʻlishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga moʻljallangan, yopiq hajmni tashkil etuvchi tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
zonalashtirish — hududni rivojlantirishning shaharsozlik jihatidan rejalashtirilishida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishdagi cheklashlarni belgilab olgan holda uning funksional maqsadga koʻra boʻlinishi;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga, materiallar, buyumlar, asbob-uskunalarni saqlashga, odamlarning vaqtincha boʻlishiga, odamlar, yuklar va boshqa narsalarni olib oʻtishga moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
shahar va posyolka chizigʻi — aholi punkti yerlarining ularni yer fondining boshqa toifalaridan ajratib turadigan, shaharsozlik hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tashqi chegarasi;
shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy va sanitariya-gigiyenaga oid yechimlarining yigʻindisini taʼminlovchi nazariyasi va amaliyoti;
shaharsozlik reglamenti — shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda aholi punktlari va aholi punktlariaro hududlarning yer uchastkalari va oʻzga koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishning aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalari bilan belgilangan koʻrsatkichlari va turlari yigʻindisi;
shaharsozlik faoliyati — davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan foydalanish turlarini belgilash, binokorlik materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarning fuqarolar manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlari, shuningdek mazkur hududlar hamda aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy xususiyatlari inobatga olingan holda loyihalashtirilishi, qurilishi va rekonstruksiyasi sohasidagi faoliyati;
