18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
shaharsozlik sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida normativ hujjatlar qabul qiladi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati olib borilishi tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhini hamda Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan vakolati asosida shaharlarning bosh rejalarini tasdiqlaydi;
shahar atrofi zonalarining chegaralarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini oʻrnatadi;
davlat shaharsozlik kadastrini yuritish hamda shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi olib borish tartibini oʻrnatadi;
umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlarning shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishini moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida litsenziyalash tartibini oʻrnatadi;
shaharsozlik hujjatlarining davlat ekspertizasini tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini oʻrnatadi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruv organlarining tashkiliy tuzilmasini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
