15-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Tegishli litsenziyasi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar boʻlishi mumkin.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi:
ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va hajmini qonun hujjatlariga muvofiq belgilash;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir tanlovlarda ishtirok etish;
shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi boʻyicha mualliflik nazoratini olib borish;
qurilish, montaj va maxsus ishlar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari va normativ talablardan fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan, madaniy meros obyektlari shikastlanishi va yoʻq qilinishi xavfini tugʻdiradigan, shuningdek jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zarar keltiradigan tarzdagi chetga chiqishlar bilan bajarilganda qurilish, montaj va maxsus ishlarni toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish haqida takliflar kiritish;
zarurat boʻlgan taqdirda shaharsozlik hujjatlariga belgilangan tartibda oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar:
qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini taʼminlashlari;
oʻzlari ishlab chiqqan shaharsozlik hujjatlarini barcha manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan belgilangan tartibda kelishib olishlari shart.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
