13-modda. Shaharsozlik faoliyati subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faoliyati subyektlaridir.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari:
shaharsozlik faoliyati sohasida buyurtmachilar;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar;
obyektlarning qurilishi boʻyicha pudratchilar;
shaharsozlik faoliyati obyektlaridan foydalanuvchilar sifatida ish koʻrishlari mumkin.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari tegishli davlat organlaridan aholi punktlari, ularning tizimlari va hududlarini rejalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan, oʻzlarining shaharsozlik faoliyatiga taʼsir etadigan qarorlar tayyorlanishi va qabul qilinishi haqida axborot olish huquqiga ega.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq oʻzlariga mulk qilib, egalik qilishga va foydalanishga berilgan yer uchastkalaridan belgilangan maqsadda foydalanishlari, shuningdek madaniy meros obyektlariga, tabiiy va sunʼiy landshaftlarga zarar yetkazmasliklari, yashash va faoliyat koʻrsatish muhiti yomonlashuviga, shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasliklari shart.
