Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida (861-son)
10.10.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament va uni joriy etish sxemasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn sakkiz oy oʻtgach amalga kiritilsin.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilishi munosabati bilan ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlashtirish boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi davlat vakolatli organlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab idishda qadoqlangan ichimlik suvini standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda ularning majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriyligini taʼminlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsin.
4. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-oktabr,
861-son
