Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida (2465-7-son)
08.10.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2465-7]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyuldagi PF-5476-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-sonli qarori)”gi Farmoniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyuldagi 533-son “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq hoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 26-apreldagi 9/1-son qarori (roʻyxat raqami 2465, 2013-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 23-son, 309-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-avgust,
21/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/8-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 7-band “toʻlovlarning uchinchi shaxslar (xoʻjalik yurituvchi subyektlar) hisobidan undirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi,” degan soʻzlardan keyin “tovarlarni (xizmatlarni) elektron tijorat orqali realizatsiya qilish holatlari va” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 59-band quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan toʻldirilsin:
“d) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) — Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat agentlariga (“Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻzdonmahsulot” AK, “Oʻzagrolizing” AJ, “Oʻzmashlizing” MChJ) ajratilgan maqsadli mablagʻlarni qaytarish boʻyicha majburiyatlar tijorat agentlari tomonidan bajarilmagan taqdirda, ularning bank hisobvaraqlariga.”.
