Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (830-son)
30.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-martdagi PQ-4254-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlari “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining hududiy filiallari hamda boshqa sugʻurta tashkilotlari tomonidan sugʻurta qilinadi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-sentabr,
830-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 830-son qaroriga ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sugʻurtalovchi — tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) toʻlovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs;
sugʻurtalanadigan chorva hayvonlari — yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlgan qoramol, qoʻy, echki, ot, tuya, choʻchqa, parranda, baliq, moʻynali hayvonlar va asalari;
sugʻurta qildiruvchi — chorva hayvonlariga egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;
sugʻurta polisi — sugʻurta shartnomasining kuchga kirganligini tasdiqlovchi hujjat;
sugʻurta qiymati — chorva hayvonlarining balans yoki bozor narxidagi qiymati;
sugʻurta mukofoti — sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurtalovchiga toʻlanadigan pul mablagʻi;
sugʻurta puli — sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda yetkazilgan zararni qoplash uchun sugʻurtalovchi tomonidan olib boriladigan javobgarlikning yuqori miqdori;
sugʻurta hodisasi — sugʻurtalangan hayvonning sugʻurtaning amal qilish muddatida nobud boʻlishi, oʻgʻirlanishi va majburan soʻyilishi;
sugʻurta tavakkalchiliklari — sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasi deb tan olinishi mumkin boʻlgan roʻy bergan hodisa;
sugʻurta tovoni — sugʻurta qiymatiga nisbatan sugʻurta qildiruvchiga toʻlanadigan pul mablagʻi;
sugʻurta muddati — sugʻurta polisining amal qilish muddati.
3. Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarida parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish jarayoni ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemasiga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Sugʻurta shartnomasini tuzish tartibi
4. Sugʻurta shartnomasi quyidagi sugʻurta tavakkalchiliklari asosida tuziladi:
qoramollar, qoʻylar, echkilar, otlar, tuyalar, choʻchqalar, parrandalar va moʻynali hayvonlar uchun — yongʻin, boʻron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, elektr toki urishi (ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmasa), zaharli oʻtlar yoki moddalardan zaharlanish, transport vositalarining urib ketishi, portlash, koʻchki, yirtqich hayvonlar hujumi, suvga yoki jarlikka qulash, oʻgʻirlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa) oʻtkir predmetlardan zarar koʻrish yoki nobud boʻlish, ushbu nizomga 2-ilovada keltirilgan kasalliklarning kelib chiqishi oqibatida nobud boʻlishi, hayvonlar oʻlishi muqarrar boʻlganda yoki kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida davlat veterinariya xizmati xodimi va mahalla fuqarolar yigʻini vakili ishtirokida majburan soʻyilish;
asalarilar uchun — yongʻin, boʻron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi oqibatida muzlab qolish, kasalliklar oqibatida nobud boʻlish, oʻgʻirlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa);
baliqlar uchun — boʻron, dovul, sel, suv toshqini, zilzila, kasalliklar oqibatida nobud boʻlish, mazkur joyga xos boʻlmagan darajada havoning sovuq kelishi, muz koʻchishi, portlash, baliqxoʻr qushlar (chayka, baklan) tomonidan zarar yetishi, uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan harakat, oʻgʻirlik (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa).
5. Sugʻurta shartnomasi yuridik shaxslar bilan ularning murojaatiga koʻra sugʻurtalovchi tomonidan ishlab chiqilgan sugʻurta shartnomasi shakliga muvofiq ixtiyoriy tuziladi.
6. Chorva hayvonlarini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzbekchorvanasl” agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy “Chorvanasl” markazlari, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan agentlik kelishuvlari asosida tuzilishi mumkin.
7. Jismoniy shaxslar bilan tuziladigan sugʻurta shartnomasi ularning murojaatiga koʻra sugʻurta mukofoti toʻlangandan soʻng sugʻurta polisi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Bunda jismoniy shaxslarga beriladigan sugʻurta polisi — sugʻurta shartnomasi hisoblanadi.
8. Sugʻurta qildiruvchiga sugʻurtalangan chorva hayvonlari uchun ushbu Nizomga 3 — 7-ilovalarga muvofiq sugʻurta polisi beriladi.
3-bob. Sugʻurta puli, sugʻurta mukofoti va uni toʻlash tartibi
9. Chorva hayvonlarining sugʻurta qiymatiga nisbatan sugʻurta pulining eng yuqori miqdori quyidagicha belgilanadi:
qoramol, ot, tuya, choʻchqa, qoʻy va echkilar uchun 80 foiz;
moʻynali hayvonlar uchun 60 foiz;
parranda, baliq va asalari uchun 50 foiz.
10. Jismoniy shaxslarga tegishli chorva hayvonlarining sugʻurta qiymati bozor narxlaridan kelib chiqib, sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchining kelishuviga asosan sugʻurta shartnomasida belgilanadi.
11. Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlardagi chorva hayvonlarini sugʻurta qilishda sugʻurta mukofoti chorva hayvonlarining sugʻurta puliga nisbatan 8,0 foiz miqdorida belgilanadi.
12. Sugʻurta mukofoti yuridik shaxslar tomonidan sugʻurta shartnomasiga koʻra 5 kun muddatda sugʻurtalovchiga toʻlanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan sugʻurta mukofoti naqd pul yoki plastik kartochka orqali hamda boshqa toʻlov vositalari orqali toʻlanishi mumkin.
13. Sugʻurta polisi jismoniy shaxslarga cugʻurta mukofoti toʻlangan kunda, yuridik shaxslarga sugʻurta mukofoti toʻlangandan soʻng 3 kun muddatda beriladi.
4-bob. Sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda shaxslarning harakatlari
14. Sugʻurta hodisasi roʻy berganda, shu vaqtdan boshlab 5 kun muddatda sugʻurta qildiruvchi yoki uning ishonchli vakili sugʻurtalovchiga yozma yoki ogʻzaki xabar qilishi shart.
15. Sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlgani, oʻgʻirlangani (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa) va majburan soʻyilganligi haqida ushbu Nizomga 8-ilovaga muvofiq sugʻurtalovchi tomonidan tegishliligi boʻyicha 3 kun muddatda dalolatnoma tuziladi.
16. Sugʻurta tovonini olish uchun sugʻurta qildiruvchi yoki uning ishonchli vakili sugʻurtalovchiga dalolatnoma tuzilgandan soʻng 2 kun muddatda ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
sugʻurta polisi nusxasi;
hayvonning veterinariya pasporti nusxasi;
sugʻurta qildiruvchiga xizmat koʻrsatuvchi veterinar vrach yoki davlat veterinariya xizmati mutaxassisining hayvon jasadini yorish bayonnomasi;
hayvonning kasallanishi, nobud boʻlishi yoki majburan soʻyilish sabablari toʻgʻrisida davlat veterinariya xizmati yoki veterinariya laboratoriyasining xulosasi;
gidrometeorologiya markazi, yongʻindan saqlash xizmati, huquqni muhofaza qilish organi va boshqa vakolatli tashkilotlarning maʼlumoti;
sugʻurta tavakkalchiliklarining yaqqol namoyon etuvchi sugʻurta hodisasi roʻy berganligini tasdiqlovchi fotosuratlar yoki videotasmalar.
5-bob. Sugʻurta tovonini aniqlash va toʻlash tartibi
17. Sugʻurta qilingan chorva hayvonlari sugʻurta shartnomasida koʻzda tutilgan sugʻurta tavakkalchiliklari natijasida nobud boʻlganda, oʻgʻirlanganda yoki majburan soʻyilganda tuzilgan dalolatnoma, veterinariya xulosasi va sugʻurtaga qabul qilingan kundagi balans (bozor) narxi asosida sugʻurta tovoni aniqlanadi va sugʻurta javobgarligidan oshmagan holda toʻlanadi.
18. Sugʻurta qildiruvchi tomonidan tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan holatda, sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchini ariza bergandan soʻng 3 kun muddatda hujjatlarni toʻliq taqdim etish toʻgʻrisida ogohlantiradi.
19. Sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash yoki toʻlashni rad etish haqida sugʻurta qildiruvchi tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilgandan soʻng 15 kun muddatda qaror qabul qiladi. Agarda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish haqida qaror qabul qilinsa, sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini toʻlashning rad etishni asoslantirgan sabablarini koʻrsatgan holda xabar beradi.
20. Sugʻurta tovoni sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab 5 kun muddatda toʻlab beriladi.
21. Quyidagi holatlarda sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasini tan olmaydi va hayvonlarga yetkazilgan zarar uchun sugʻurta tovoni toʻlamaydi:
hayvonlar sugʻurta shartnomasi kuchga kirgan kundan soʻng 20 kun muddatda kasalliklar oqibatida nobud boʻlsa, majburan soʻyilsa yoki yoʻq qilinsa;
sugʻurta qildiruvchi imkoniyati boʻlgan holda, sugʻurta hodisasi boʻlganligi toʻgʻrisida oʻrnatilgan muddatlarda xabar bermasa va natijada sugʻurta hodisasi boʻlganligini hamda yetkazilgan zararni aniqlab boʻlmasa;
hayvonlar ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilmagan sugʻurta tavakkalchiliklari yoki ushbu Nizomga 2-ilovada koʻrsatilmagan kasalliklar oqibatida nobud boʻlsa, majburan soʻyilsa yoki yoʻq qilinsa;
hayvonlar xoʻjalik maqsadlari uchun soʻyilgan boʻlsa;
sugʻurta qildiruvchi veterinar mutaxassisning davosiz kasalga chalingan yoki baxtsiz hodisaga duchor boʻlgan hayvonni soʻyish haqidagi koʻrsatmalarini bajarmaganligi tufayli hayvon nobud boʻlsa;
sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurta hodisasi vaqtida va undan soʻng hayvonlarni nobud boʻlishining oldini olishga qaratilgan choralar koʻrilmagani natijasida qoʻshimcha nobud boʻlgan hayvonlar uchun;
sugʻurta qildiruvchi bila turib, yolgʻon va haqiqiy boʻlmagan maʼlumotlarni taqdim etsa.
6-bob. Tomonlarning xuquq va majburiyatlari
22. Sugʻurtalovchining huquqlari quyidagilardan iborat:
sugʻurta shartnomasi amal qilish davrida sugʻurtalangan hayvonlarni oziqlantirish va saqlash sharoitini oʻrganish, sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda hodisa sababini oʻrganish va zarur holatlarda ekspertlarni jalb etish;
sugʻurtalangan hayvonlarning kasallanishi va majburan soʻyilishiga yoki nobud boʻlishiga aybdor boʻlgan shaxslar aniqlangan holatlarda, sugʻurtalovchi tomonidan toʻlangan sugʻurta tovonini undirish haqida daʼvo kiritish;
sugʻurta qildiruvchidan sugʻurta tovoni miqdorini aniqlash uchun tegishli tashkilotlarning xulosasi va maʼlumotlarini soʻrab olish.
23. Sugʻurtalovchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
sugʻurta qildiruvchini ushbu Nizom bilan tanishtirish;
sugʻurta polisini belgilangan muddatda sugʻurta qildiruvchiga taqdim etish;
sugʻurta qildiruvchi sugʻurta hodisasi toʻgʻrisida xabar berganda, chorva hayvonlariga sugʻurta hodisasi oqibatida yetkazilgan zararni aniqlash va tegishli tashkilotlarning vakillari ishtirokida belgilangan tartibda dalolatnoma tuzish;
sugʻurta hodisasi sodir etilgan holatlarda chorva hayvonlarining nobud boʻlgani yoki majburan soʻyilgani uchun sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini belgilangan muddatda toʻlash;
sugʻurta qildiruvchi va sugʻurta shartnomasi haqidagi maʼlumotlarni sir saqlash.
24. Sugʻurta qildiruvchining huquqlari quyidagilardan iborat:
sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta shartnomasiga doir savollarga sugʻurtalovchidan toʻliq javob olish;
sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda, sugʻurta tovonini belgilangan tartibda olish.
25. Sugʻurta qildiruvchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda, chorva hayvonlarini saqlab qolish choralarini koʻrish;
chorva hayvonlarining identifikatsiya qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sugʻurtalovchiga taqdim qilish;
sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatlarda sugʻurta mukofotini toʻlash;
sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda, sugʻurtalovchiga va tegishli tashkilotlarga belgilangan muddatda va tartibda xabar berish.
7-bob. Sugʻurta shartnomasini oʻzgartirish va muddatidan oldin bekor qilish tartibi
26. Sugʻurta polisi yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi ariza bilan murojaat qilgan holda uning dublikatini olish huquqiga ega. Bunda sugʻurta qildiruvchi dublikat olish uchun sugʻurtalovchiga sugʻurta mukofoti summasining 10 foizi miqdorida toʻlovni amalga oshirishi kerak.
Sugʻurta qildiruvchi murojaat qilib, dublikatni tayyorlash boʻyicha xarajatlarni toʻlagan kundan boshlab 2 kun muddatda sugʻurtalovchi tomonidan dublikat beriladi.
27. Sugʻurta shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382 — 385, 948-moddalarida koʻzda tutilgan hollarda va tartibda oʻzgartirilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
28. Sugʻurtalovchining sugʻurta qildiruvchilar oldidagi majburiyatlari sugʻurta shartnomasi boʻyicha boshqa sugʻurtalovchiga oʻtkazilgan boʻlsa, sugʻurtalovchini almashtirishga sugʻurta qildiruvchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
29. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Sugʻurta qildiruvchi (yuridik va jismoniy shaxs) Sugʻurtalovchi bilan sugʻurta shartnomasini tuzish. Ogʻzaki yoki yozma murojaat boʻyicha ixtiyoriy 2-bosqich Sugʻurta qildiruvchi (yuridik va jismoniy shaxs) Sugʻurtalovchiga sugʻurta mukofotini toʻlash. 1. Jismoniy shaxslarning murojaatiga koʻra. 2. Yuridik shaxslar tomonidan sugʻurta shartnomasiga koʻra 5 kun muddatda 3-bosqich Sugʻurtalovchi Jismoniy va yuridik shaxslarga sugʻurta polisini berish. 1. Jismoniy shaxslarga sugʻurta mukofoti toʻlangan kunda. 2. Yuridik shaxslarga sugʻurta mukofoti toʻlangandan soʻng 3 kun muddatda. 4-bosqich Sugʻurta qildiruvchi (yuridik va jismoniy shaxs yoki ularning ishonchli vakili) Sugʻurta hodisasi roʻy bergan holatda sugʻurtalovchiga yozma yoki ogʻzaki xabar qilish. Sugʻurta hodisasi roʻy bergan vaqtdan boshlab 5 kun muddatda 5-bosqich Sugʻurtalovchi Sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlganligi, oʻgʻirlanganligi (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa) va majburan soʻyilganligi haqida dalolatnoma tuzish. Sugʻurta hodisasi toʻgʻrisida xabar berilgandan soʻng 3 kun muddatda 6-bosqich Sugʻurta qildiruvchi (yuridik va jismoniy shaxs yoki ularning ishonchli vakili) Sugʻurta tovonini olish uchun sugʻurtalovchiga ariza bilan murojaat qilish. Dalolatnoma tuzilgandan soʻng 2 kun muddatda 7-bosqich Sugʻurtalovchi Sugʻurta qildiruvchilar tomonidan tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan holatda, sugʻurta qildiruvchini hujjatlarni toʻliq taqdim etish toʻgʻrisida ogohlantirish. Ariza berilgandan soʻng 3 kun muddatda 8-bosqich Sugʻurtalovchi Sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tavonini toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish. Dalolatnoma tuzilgandan soʻng 15 kun muddatda 9-bosqich Sugʻurtalovchi Sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini toʻlab berish. Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab 5 kun muddatda 10-bosqich Sugʻurtalovchi Sugʻurta polisi yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda uning dublikatini berish. Sugʻurta qildiruvchi murojaat qilib, dublikatni tayyorlash boʻyicha xarajatlarni toʻlagan kundan boshlab 2 kun muddatda
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Sugʻurtalangan hayvonlar turlari boʻyicha sugʻurta javobgarligi yuzaga keladigan kasalliklar
ROʻYXATI
T/r Kasalliklar roʻyxati I. Turli xil hayvonlar uchun umumiy boʻlgan kasalliklar 1. 1. Aspargillez 2. 2. Quturish 3. 3. Aueski 4. 4. Botulizim 5. 5. Brutsellez 6. 6. Vezikulyar stomatit 7. 7. Pasterellez 8. 8. Yomon sifatli shish 9. 9. Leptospiroz 10. 10. Listerioz 11. 11. Leykoz 12. 12. Melioidoz (soxta manqa) 13. 13. Nekrobakterioz 14. 14. Chechak 15. 15. Paratuberkulyoz (paratuberkulez eteriti) 16. 16. Kuydirgi 17. 17. Staxiobotriotoksikoz 18. 18. Qotma 19. 19. Sil kasalligi (tuberkulez) 20. 20. Tulyaremiya 21. 21. Oqsil (yashur) II. Otlarning kasalliklari 22. 1. Afrika oʻlati 23. 2. Yuqumli kamqonlik 24. 3. Yuqumli rinopnevmoniya (virus orqali bola tashlash) 25. 4. Yuqumli ensefalomiyelit 26. 5. Influensa 27. 6. Kontagioz plevropnevmoniya 28. 7. Saqov 29. 8. Manqa 30. 9. Epizootik limfangoit III. Qoramol, qoʻy, echki va tuyalar kasalliklari 31. 1. Adenomatoz 32. 2. Teylerioz 33. 3. Babezioz kasalligi 34. 4. Qoʻylar bradzoti 35. 5. Virusli diareya 36. 6. Virusli zotiljam 37. 7. Virus orqali qoʻylarning bola tashlashi 38. 8. Shilliq pardalarning xavfli isitma bezgagi 39. 9. Qoʻy va echkilarning yuqumli agalaktiyasi 40. 10. Echkilarning yuqumli plevropnevmoniyasi 41. 11. Qoʻylarning yuqumli enterotoksemiyasi 42. 12. Qoramol va qoʻylarning yuqumli shilliq parda bezgagi (tilning koʻkarishi) 43. 13. Yuqumli rinotraxeyit 44. 14. Qoʻy va echkilarning yuqumli mastiti (sut bezlarining yalligʻlanishi) 45. 15. Qoʻylarning yuqumli epididimiti 46. 16. Qoʻy va echkilarning kontagioz pustulezli dermatiti (ogʻiz shilliq pardasining yalligʻlanishi) 47. 17. Qoʻy va echkilarning visna-maedi 48. 18. Qoramollar paragrippi 49. 19. Qoʻy va echkilar paratifi 50. 20. Yoppasiga oʻpka shamollash 51. 21. Qoʻylar skreypi 52. 22. Tuyalar oʻlati 53. 23. Qoramol oʻlati 54. 24. Qorason-emfizematoz karbankul (emkar) 55. 25. Tez oʻtib ketadigan bezgak 56. 26. Oriyentabilgarsioz 57. 27. Ku-isitma IV. Choʻchqalar kasalliklari 58. 1. Afrika oʻlati 59. 2. Teshen kasalligi 60. 3. Vezikulyar kasallik 61. 4. Vezikulyar ekzantema 62. 5. Virusli zotiljam 63. 6. Gripp 64. 7. Yuqumli ichburugʻ 65. 8. Kolibakterioz 66. 9. Poliserozit 67. 10. Saramas 68. 11. Salmonellez 69. 12. Streptokkoz 70. 13. Transmissiv gastroenterit 71. 14. Oʻlat 72. 15. Enzootik ensefalomiyelit V. Moʻynali hayvonlar va quyonlar kasalliklari 73. 1. Qorakuzanlarning aleut kasalligi 74. 2. Shimol tulkisi (pesets) va kumushrang-qora tulkilarning virusli sariq kasalligi 75. 3. Qorakuzanlarning virusli enteriti, 76. 4. Quyonlarning yuqumli riniti 77. 5. Miksomatoz 78. 6. Psevdomonoz 79. 7. Qorakuzanlar streptokokozi 80. 8. Oʻlat 81. 9. Enzootik ensefalomiyelit 82. 10. Qorakuzanlar ensefalogatiyasi VI. Parrandalar kasallliklari: 83. 1. Aspergillez 84. 2. Marek kasalligi 85. 3. Oʻrdaklarning virusli sariq kasalligi 86. 4. Gripp 87. 5. Gʻoz va kurkalarning virusli enteriti 88. 6. Tovuqlarning yuqumli bronxiti 89. 7. Parrandalarning yuqumli laringotraxeyiti 90. 8. Yuqumli ensefalomiyelit 91. 9. Mikoplazmoz 92. 10. Nyukasl kasalligi 93. 11. Ospadifterit 94. 12. Ornitoz (psittakoz) 95. 13. Pasterellez (vabo) 96. 14. Pulloroz-parrandalar terlamasi 97. 15. Streptokokkoz VII. Asalarilar kasalliklari 98. 1. Amerikacha fasod 99. 2. Virusli falajlik 100. 3. Yevropacha fasod 101. 4. Melanoz 102. 5. Paratif 103. 6. Septitsemiya 104. 7. Xaltasimon rasplod 105. 8. Varatoz 106. 9. Akaratsidoz 107. 10. Nzematoz 108. 11. Askosferoz VIII. Oʻzbekiston Respublikasi hududida avval roʻyxatga olinmagan kasalliklar
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/830/3836-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
