Past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlarni jadal realizatsiya qilish va tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (800-son)
24.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat aktivlarini sotish jarayonlarini faollashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni yanada maqbullashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4381-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi jamiyatlar sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlangʻich narxda, ustun huquqni qoʻllamagan holda ochiq savdoga qoʻyiladigan davlat aksiyalar paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq.
tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari tashabbus qilinayotgan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlar roʻyxati 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. 1-ilovada koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketlari (ulushlari) xoʻjalik jamiyatlari sof aktivlarining miqdori ularning ustav kapitali miqdoridan kamroq boʻlgan taqdirda, nominal qiymatda sotuvga qoʻyilishi belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda ushbu qarorning 2 va 2a-ilovalarida koʻrsatilgan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlarga nisbatan tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari tashabbus qilinayotgan jadvallarni masʼul shaxslarni koʻrsatgan holda tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 2019-yil 1-noyabrga qadar mazkur qarorning 2 va 2a-ilovalariga kiritilmagan faoliyat yuritmayotgan tizimdagi davlat tashkilotlarini aniqlash maqsadida qoʻshimcha inventarizatsiya oʻtkazsin. Bunday tashkilotlar aniqlangan taqdirda, ularni belgilangan tartibda tugatish choralari koʻrilsin.
5. Quyidagilarga:
vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlarni tugatish va bankrotlikka doir chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Bekenov S.X. — xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari (ulushlari)ni ochiq savdolarga oʻz vaqtida qoʻyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri Ramatov A.J. va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Moliya vaziri Kuchkarov D.A. zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-sentabr,
800-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentabrdagi 800-son qaroriga 1-ILOVA
Xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi jamiyatlar sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlangʻich narxda, ustun huquqni qoʻllamagan holda ochiq savdoga qoʻyiladigan davlat aksiyalar paketlari (ulushlari)
ROʻYXATI*
* Xoʻjalik jamiyatlari sof aktivlarining miqdori ularning ustav kapitali miqdoridan kamroq boʻlgan taqdirda davlat aksiyalar paketlari (ulushlari) nominal qiymatda sotuvga qoʻyiladi.
** Xoʻjalik jamiyatlarining tashkiliy-huquqiy shakllari yoki sotilishi lozim boʻlgan davlat ulushlari miqdori oʻzgargan taqdirda, aktivlarni sotish oʻzgarishlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentabrdagi 800-son qaroriga 2-ILOVA
Tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari tashabbus qilinayotgan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlar
ROʻYXATI
* Davlat ulushlari miqdori tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari qoʻllanilganda aniqlashtirilishi kerak.
** Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 388-son “Andijon viloyatidagi pillachilik tarmogʻi tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablari bajarilgandan soʻng.
*** Tashkilotni tugatish tartib-taomili tugagandan soʻng unga tegishli boʻlgan bino va inshootlar, shuningdek yer maydoni belgilangan tartibda Bagʻdod viloyati KSZ tasarrufiga oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentabrdagi 800-son qaroriga 2a-ILOVA
Tugatish tartib-taomillari tashabbus qilinayotgan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat unitar korxonalari
ROʻYXATI
* Tashkilot belgilangan tartibda “Fonon” DIICHK bilan birlashgandan keyin davlat reyestridan chiqariladi.
** Tashkilot belgilangan tartibda sotilgan va mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi olinganidan keyin davlat reyestridan chiqariladi.
