6-modda. Atom energiyasidan foydalanish obyektlariga boʻlgan mulk huquqi
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulkida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida boʻlishi mumkin. Davlat mulkida yoki yuridik shaxslar mulkida boʻlishi mumkin boʻlgan atom energiyasidan foydalanish obyektlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining mulkdorlari ushbu obyektlarning but saqlanishini va ulardan belgilangan maqsadiga muvofiq foydalanilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, shuningdek ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻiga boʻlgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tuziladi.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan roʻyxatga kiritilmagan yuridik shaxslar mulkiga oʻtkazish haqidagi bitimlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻiga boʻlgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga oʻtkazish haqida ushbu moddaning uchinchi qismi talablarini buzgan holda tuzgan bitimlari oʻz oʻzidan haqiqiy emas.
