49-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarga radiatsiyaviy taʼsir natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan hamda radiatsiyaviy taʼsir bilan bogʻliq yoxud radiatsiyaviy taʼsirning zaharli, portlovchi yoki boshqa xavfli taʼsirlar bilan uygʻunlashuviga bogʻliq boʻlgan zararning oʻrni qoplanishi lozim.
Agar radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zarar bilan bir qatorda radiatsiyaviy taʼsir sababli yetkazilgan zarardan asoslangan ravishda ajratilib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan boshqa zarar yetkazilgan boʻlsa, bunday zararning oʻrni atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq qoplanishi lozim.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning aybidan qatʼi nazar qoplanadi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida radiatsiyaviy taʼsir orqali jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplaydi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yengib boʻlmas kuch yoki harbiy harakatlar natijasida yuzaga kelgan radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkaziladigan zararning oʻrnini qoplamaydi.
Qaysi shaxsning qasddan sodir etilgan harakatlari ushbu shaxsning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishiga olib kelsa, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot shu shaxsga radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplamaydi.
Bitta radiatsiyaviy avariya natijasidagi radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashning eng koʻp umumiy summasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan miqdordan koʻp boʻlishi mumkin emas.
