37-modda. Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni olib kirish hamda olib chiqish
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda uning hududidan olib chiqish, shuningdek ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Radioaktiv moddalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga faqat ilgari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻidan olingan qayta ishlash mahsulotlarini olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.
