18-modda. Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlardan, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslardan tekshirish (inspeksiya) oʻtkazish jarayonida zarur boʻlgan axborot va hujjatlarni soʻrash hamda olish;
xizmat guvohnomasini va xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) tekshirish (inspeksiya) tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻining koʻchirma nusxasini taqdim etgach, yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini, yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi yuridik shaxslarni moneliksiz borib koʻrish hamda binolarni, xonalarni, inshootlarni, texnik vositalarni, uskunalarni, dasturiy taʼminotni, materiallarni koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek tadqiqotlar, sinovlar, ekspertizalar, tekshirishlar hamda davlat nazorati va tekshiruviga doir boshqa tadbirlar oʻtkazish;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarga majburiy talablarning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida ishlarni bajaruvchi boshqa yuridik shaxslarga ushbu obyektlarda yadroviy va (yoki) radiatsiyaviy xavfsizlikka, xodimlarning hayoti hamda sogʻligʻiga tahdid soluvchi holatlar aniqlangan taqdirda ishlarni toʻxtatib turish haqida koʻrsatmalar berish.
Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida:
majburiy talablarning buzilishi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzishi, maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni koʻrib chiqishi va bunday buzilishlarning oldini olish yuzasidan choralar koʻrishi;
majburiy talablarning buzilishi bilan bogʻliq materiallarni jinoyatlar alomatlari boʻyicha jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishi shart.
