16-modda. Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organdir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli organ deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli organ oʻz vakolatlari doirasida:
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini shakllantiradi va amalga oshiradi;
atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarida atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi, amalga kiritadi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
yadroviy qurilmalarda va (yoki) saqlash punktlarida pudratchilar tomonidan bajariladigan ishlarni qabul qilib olishda ishtirok etadi;
yadroviy qurilmalarda va (yoki) saqlash punktlarida radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilarning hisobiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlaydi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil etadi;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiradi;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning xodimlariga hamda atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning xodimlariga atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqiga doir ruxsatnomalarni xodimlarning lavozimlari roʻyxatiga, shuningdek ishlarning turlari roʻyxatiga muvofiq beradi;
