14-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi masalalarning jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokida muhokama etilishini tashkil qiladi hamda unda ishtirok etadi;
radiatsiyaviy taʼsirdan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi saqlanishini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, mol-mulki himoya qilinishini, shuningdek atrof-muhit muhofaza qilinishini taʼminlashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
avariyaga oid tashqi rejani ishlab chiqishda ishtirok etadi;
yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini qurish uchun yer uchastkalarini ajratish boʻyicha yer kadastri materiallarini tasdiqlaydi;
tegishli hududda atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq avariya yuz bergan taqdirda jismoniy va yuridik shaxslarning harakatlar qilishga shayligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq avariya oqibatlarini bartaraf etishga, cheklashga va kamaytirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etadi;
aholini tegishli hudud doirasidagi radiatsiyaviy vaziyat va amalga oshirilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
