12-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organi
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
atom energiyasidan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
atom energiyasidan foydalanish sohasiga doir davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek mazkur sohadagi normalar va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida yongʻin xavfsizligi choralari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilishni taʼminlash choralarini koʻradi;
tasarrufidagi yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini tadqiq etishga, joylashtirishga, loyihalashtirishga, barpo etishga hamda ulardan foydalanishga oid ishlarni tashkil etadi;
fundamental tadqiqotlarning, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarning loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirishga, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashadi;
tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik tizimini yaratadi hamda takomillashtiradi;
tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlaridagi yadroviy materiallar va texnologiyalarning, radioaktiv materiallarning tarqalib ketmasligi, shuningdek radiatsiyaviy hamda yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ekspluatatsiya qilish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi, shu jumladan chet elda tashkil etadi;
