Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (735-son)
05.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligida oʻsimliklarni himoya qilishning samarali usullarini hamda ekologik jihatdan xavfsiz, kam zaharli kimyoviy va biologik vositalarni qoʻllash, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 17-apreldagi PF-5708-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi etib qayta tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi)ni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) etib;
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi Ishchi organini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasi Ishchi organi (keyingi oʻrinlarda Ishchi organ deb ataladi) etib qayta tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Ishchi organ Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi Ishchi organining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun tavsiya etilayotgan respublikada ishlab chiqarilgan va chet eldan olib kelingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari hujjatlarini oʻrganib chiqish, ularning biologik jihatdan samaradorligini, toksikologik-gigiyenik va ekologik, shu jumladan tuproq mikroflorasi va faunasiga taʼsirini aniqlash uchun sinovlar tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklarni oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatini yuritish;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy taʼsiri, nomaqbul xossalari hamda biologik jihatdan samaradorligi past ekanligi aniqlangan taqdirda ularni qoʻllashni taqiqlash;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentlari va qoidalarini ishlab chiqishni tashkil etish hamda tasdiqlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni, Ishchi organ ustavi va tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi) faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 2005-yil 4-yanvardagi 1-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 1-son, 1-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-sentabr,
735-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 735-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasi
TARKIBI
1. J.A. Xodjayev — Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, komissiya raisi 2. Sh.J. Teshayev — Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari 3. R. Ochilov — Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasi Ishchi organi rahbari, komissiya raisining oʻrinbosari 4. A. Jalolov — Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktorining oʻrinbosari 5. X.Z. Xusanov — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 6. D.S. Mirzaboyev — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshligʻi, Davlat Bosh sanitariya vrachining oʻrinbosari 7. D.Y. Kattaxodjayev — Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari 8. Sh.M. Miralimova — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti direktori 9. A.B. Ucharov — Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti direktori 10. Y.B. Saimnazarov — Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori 11. B.A. Sulaymonov — Toshkent davlat agrar universiteti rektori 12. R.K. Karimov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti professori 13. lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo boshqarmasi boshligʻi, komissiya kotibi
Izoh. Davlat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
