Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (732-son)
05.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Milliy maqom sanʼatining tarixiy, zamonaviy ijro anʼanalari, noyob sanʼat namunalarini teatr sanʼati orqali keng targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va Fargʻona viloyati hokimligining:
Fargʻona viloyati madaniyat boshqarmasi huzuridagi namunali maqom ansambli negizida Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatrini (keyingi oʻrinlarda maqom teatri deb ataladi) davlat muassasasi shaklida tashkil etish;
Margʻilon shahar, Burhoniddin Margʻiloniy koʻchasi, 45-uy manzilida joylashgan binoni tegishli hududi bilan birgalikda maqom teatriga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar maqom teatrining asosiy vazifalari etib belgilansin:
badiiy jihatdan yuksak asarlarni sahnalashtirish, teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlari orqali maqom sanʼatini targʻib qilish, shuningdek, qiziqchilik va askiya sanʼatining sahnaviy syujetlarini rivojlantirish va takomillashtirish, yuqori malakali maqom va teatr sanʼati ijodkorlarining imkoniyatlarini namoyish etish;
maqom ijrochiligi yoʻnalishida ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini oshirishga koʻmaklashish, aktyorlik mahorati va maqom sanʼati ijrochiligi boʻyicha maqom, teatr va sanʼat muassasalarining ijodiy xodimlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalarining maqom teatri yoʻnalishida amaliyot oʻtashlarini tashkil etish;
xorijiy davlat bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish, chet eldan malakali mutaxassislarni jalb etgan holda trening, mahorat darslari, maqom teatri sanʼati bilan bogʻliq oʻquv-tajriba mashgʻulotlari hamda maxsus loyihalarni amalga oshirish;
mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, koʻrik-tanlov, maqom kechalari, uchrashuvlar, ijodiy kechalar, qiziqchilik va askiya tomoshalari hamda boshqa tomosha tadbirlarini tashkil etish.
3. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasining shtatlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, maqom teatri faoliyatini moliyalashtirish Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-apreldagi 329-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
bir oy muddatda maqom teatri ustavi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
maqom teatrini doimiy ravishda malakali kadrlar bilan taʼminlab borish hamda maqom teatrining samarali faoliyat yuritishini tashkil etishni;
respublika davlat teatrlarining malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda maqom teatri ijodkorlariga aktyorlik mahorati va sahna harakati boʻyicha maxsus mahorat darslari oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Fargʻona viloyati hokimligi maqom teatriga 1 ta yengil xizmat avtotransport vositasi va 1 ta avtobus xarid qilish uchun hamda teatrni jihozlash uchun Fargʻona viloyati hokimligi mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻ ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi maqom teatri faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar 2019-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratilishini, shuningdek, 2020-yildan boshlab zarur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda teatr va musiqa sanʼatini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qaroriga 1-ilovaning “Fargʻona viloyati” kichik boʻlimiga “Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasi” soʻzlari qoʻshilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev, Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-sentabr,
732-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 732-son qaroriga ILOVA
Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasining
SHTATLARI
T/r Tarkibiy boʻlinmalar va lavozimlarning nomi Shtat birligining soni I. Maʼmuriy boshqaruv xodimlari 1. Direktor 1 2. Direktor oʻrinbosari 1 3. Bosh muhandis 1 4. Bosh buxgalter 1 5. Omborxona mudiri 1 6. Chiptalar byurosi mudiri 1 Jami 6 II. Badiiy boshqaruv xodimlari 7. Bosh rejissyor 1 8. Bosh rassom 1 9. Badiiy sahnalashtirish boʻlimi mudiri 1 10. Musiqa boʻlimi mudiri 1 11. Adabiy boʻlim mudiri 1 12. Truppa rahbari 1 Jami 6 III. Badiiy xodimlar 13. Sahnalashtiruvchi rejissyor 1 14. Sahnalashtiruvchi rassom 1 15. Xormeyster 1 16. Baletmeyster 1 17. Vokal boʻyicha repetitor 1 18. Ovoz rejissyori 1 19. Ovoz operatori 1 20. Rejissyor yordamchisi 1 21. Chiroq boʻyicha rassom 1 Jami 9 IV. Ijodiy xodimlar 22. Artist-maqomchi 15 23. Artist-sozanda 15 24. Artist-vokalist 10 25. Xor artisti 10 26. Balet artisti 10 27. Drama artisti 10 Jami 70 V. Mutaxassislar 28. Yuriskonsult 0,5 29. Kadrlar boʻyicha inspektor 1 30. Buxgalter 1 31. Muhandis-mexanik 1 32. Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha muhandis 1 33. Maʼmur 1 Jami 5,5 VI. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar 34. Chiroq yorituvchi 1 35. Butafor 1 36. Dekorator 1 37. Sahna mashinisti 3 38. Sahna montirovshigi 1 39. Pardoz ustasi 1 40. Rekvizitor 1 41. Liboschi 1 42. Chipta kassiri 1 43. Chipta nazoratchisi 1 44. Tomosha zali nazoratchisi 1 45. Tikuvchi 2 46. Kiyim bichuvchi 0,5 47. Musiqa asboblarini taʼmirlovchi-sozlovchi 1 48. Yordamchi ishchi 1 49. Ish yurituvchi 1 Jami 18,5 Umumiy soni 115
Izoh. Ushbu shtat birligida nazarda tutilmagan texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri zarur hollarda, Margʻilon shahar musiqali maqom teatri shtat birliklariga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
