13-modda. Davlat organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitishga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni va axborotni muntazam ravishda yigʻishni hamda tahlil qilishni taʼminlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning buzilishiga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularni tiklash boʻyicha choralar koʻradi;
xotin-qizlar va erkaklarning tengligini taʼminlash masalalari yuzasidan kadrlarning kasbiy tayyorgarligi tizimini takomillashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻradi hamda bunga koʻmaklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha fuqarolarning madaniyat darajasini va xabardorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar koʻradi hamda bunga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni amalga oshirishga faol jalb qilish maqsadida ular bilan hamkorlikni rivojlantiradi;
xotin-qizlar va erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan ham onalarga, ham otalarga bola parvarishi uchun taʼtil berish orqali shart-sharoitlar yaratadi;
gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar koʻradi va ularni bekor qiladi;
mehnat bozorida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ilgari surish, ishga joylashtirish uchun oʻqitish hamda sharoitlar yaratish yuzasidan xususiy sektor bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs (bundan buyon matnda vakolatli shaxs deb yuritiladi) belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining oʻrinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
