5-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-561-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosatini, davlat dasturlarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish;
xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilinishini taʼminlash;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qoʻyish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini taʼminlash.
