57-modda. Efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot oʻz koʻrsatuv va eshittirishlaridan istalgan shaklda foydalanish va uchinchi shaxslarga bunday koʻrsatuv va eshittirishlardan foydalanish uchun ruxsat berish borasida alohida huquqlarga ega.
Koʻrsatuv va eshittirishlardan uchinchi shaxslarning foydalanishi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Huquq egasi foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.
Efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot quyidagilarga haqlidir:
koʻrsatuv va eshittirishni translatsiya qilish;
efir orqali koʻrsatuv va eshittirishlarni beruvchi boshqa tashkilotlarga va kabel orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarga oʻz koʻrsatuv va eshittirishlarini bir vaqtning oʻzida translatsiya qilishga hamda retranslatsiya qilishga ruxsat berish;
oʻz koʻrsatuv va eshittirishlarini yozib olish;
oʻz koʻrsatuv va eshittirishlari yozuvini takrorlash;
takrorlangan yozuv nusxalarini tarqatish;
oʻz koʻrsatuv va eshittirishlarini translatsiya qilishga va bir vaqtning oʻzida kabel orqali translatsiya, retranslatsiya qilishga hamda bu koʻrsatuv va eshittirishlar yozuvini translatsiya qilishga ruxsat berish;
kirish pullik boʻlgan joylarda ommaviy translatsiya qilish va takrorlash, boshqa shaxslarga shunday translatsiya qilish va takrorlashga ruxsat berish.
Efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarning huquqlarini cheklash qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
Efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot oʻz huquqlarini asar mualliflarining huquqlari va ijrochilarning huquqlarini, zarur hollarda esa, ijro yozuviga boʻlgan huquq egalarining hamda efir orqali koʻrsatuv va eshittirish beruvchi boshqa tashkilotlarning huquqlarini hisobga olgan holda amalga oshiradi.
