1-modda. Asosiy tushunchalar
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“muallif” — ijodiy mehnati bilan asar yaratgan jismoniy shaxs;
“yozuv” — ovozlar va (yoki) tasvirlarning ularni texnikaviy vositalar yordamida qayta-qayta idrok etish, takrorlash yoki uzatish imkonini beradigan biron-bir moddiy shakldagi mujassami;
“ijrochi” — aktyor, qoʻshiqchi, musiqachi, raqqos yoki rol oʻynaydigan, oʻqiydigan, ifodali oʻqiydigan, musiqa asbobini chaladigan yoxud adabiyot yoki sanʼat asarini (shu jumladan estrada, sirk yoki qoʻgʻirchoqli nomerni) boshqa bir tarzda ijro etadigan shaxs, shuningdek spektaklning sahnalashtiruvchi rejissori va dirijyori;
“eʼlon qilish (oshkor qilish, chop etish)” — ommaning oqilona talab-ehtiyojlarini qondirish uchun hamda asarning, fonogrammaning xususiyatidan kelib chiqqan holda asar, fonogramma nusxalarini muomalaga yetarli miqdorda chiqarish;
“manzarali-amaliy sanʼat asarlari” — amalda foydalaniladigan buyumlarga koʻchirilgan ikki oʻlchovli yoki uch oʻlchovli sanʼat asari, shu jumladan badiiy xunarmandchilik asari yoki sanoat yoʻli bilan tayyorlanadigan asar;
“fonogramma” — biron-bir ijro yoki boshqa ovozlarning har qanday mutlaqo ovozli yozuvi;
“asar nusxasi” — asarning har qanday moddiy shaklda tayyorlangan koʻchirmasi;
“fonogramma nusxasi” — fonogrammadan bevosita yoki bilvosita tayyorlangan va shu fonogrammaga jo boʻlgan ovozlarning hammasini yoki bir qismini qamrab olgan har qanday moddiy jismdagi fonogramma koʻchirmasi.
