4-modda. Chiqindilarga boʻlgan mulk huquqi
Chiqindilar toʻgʻrisida (362-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Chiqindi qaysi xom ashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyum yoki mahsulotlardan, shuningdek tovarlardan (mahsulotlardan) foydalanish natijasida hosil boʻlsa, chiqindilarga boʻlgan mulk huquqi shularning egasiga tegishli boʻladi.
Chiqindilarga boʻlgan mulk huquqini boshqa shaxs oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish shartnomasi yoki chiqindilarni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi qonun bilan taqiqlab qoʻyilmagan oʻzga bitimlar asosida olishi mumkin.
Chiqindilarning mulkdorlari qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida chiqindilarga egalik qiladilar, ulardan foydalanadilar hamda ularni tasarruf etadilar.
Chiqindilar joylashgan yer uchastkasining mulkdori oʻzgargan taqdirda chiqindilarga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi hamda zararli oqibatlar uchun javobgarlik qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
