13-modda. Fuqarolarning chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Chiqindilar toʻgʻrisida (362-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Fuqarolar:
chiqindi bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilayotganda hayotlari va sogʻliqlari uchun xavfsiz sharoitlar bilan taʼminlanish;
oʻzlari yashayotgan joylarda xavfli chiqindilar bor yoki yoʻqligi toʻgʻrisida, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan, shuningdek ishlab turgan chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlarining xavfsizligi haqida belgilangan tartibda toʻliq va aniq axborot olish;
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlari qurilishiga doir qarorlarning loyihalari muhokamasida ishtirok etish;
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi natijasida hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zararni toʻlatish;
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlarining sanitariya va ekologik holati ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishda ishtirok etish huquqlariga egadirlar.
Fuqarolar:
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirayotganda belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga, boshqa talablarga rioya qilishlari;
belgilanmagan joyga tashlagan chiqindisini olib chiqib ketishi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda chiqindilarni olib chiqib ketish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplab berishi;
maishiy-roʻzgʻor chiqindilarini toʻplab olib ketish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar xizmatidan foydalanganlik uchun toʻlovlarni belgilangan tartibda toʻlab borishlari shart.
Fuqarolar chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishlari hamda zimmalarida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
