Namangan viloyatida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (696-son)
19.08.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Namangan viloyati hokimligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2020 ― 2022-yillarda Namangan viloyatida maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlmagan mahalla fuqarolar yigʻinlarida tashkil etiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurishning asosiy parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, mazkur mahalla fuqarolar yigʻinlarida tashkil etiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar badal puli tashkilot faoliyati yoʻlga qoʻyilgan kundan boshlab 5 yil davomida 50 foiz miqdorida oʻrnatiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2020-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda mazkur qaror bilan tasdiqlangan maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilishini belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil va keyingi yillar uchun budjet parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorda belgilangan maktabgacha taʼlim tashkilotlari taʼminoti uchun zarur mablagʻlarni ajratilishini nazarda tutsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi standartlarini qoʻllagan holda, qatʼiy namunaviy loyihaga asoslanadi;
tashqi muhandislik aloqa tarmoqlari va ichki avtomobil yoʻllari, bunyod etilayotgan obyektlar hududidan oʻtuvchi suv taʼminoti va oqava suv tarmoqlari qurilishi Namangan viloyati hokimligi mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining bino va inshootlarini qurish boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi ― buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tender (tanlov) natijasida aniqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari ― transport vaziri A.J. Ramatov va Namangan viloyati hokimi X.X. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-avgust,
696-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 696-son qaroriga ILOVA
2020 ― 2022-yillarda Namangan viloyatida maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlmagan mahalla fuqarolar yigʻinlarida tashkil etiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurishning
ASOSIY PARAMETRLARI
T/r Maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi rejalashtirilayotgan mahalla fuqarolar yigʻini nomi 3 ― 7 yoshli bolalar soni Maktabgacha taʼlim tashkiloti sigʻimi Qurish muddati Hisoblangan qiymati (mln soʻm) 1. Namangan shahar “Gʻishtkoʻprik” MFY 352 180 2020-yil 5 580,0 2. Namangan shahar “Sumalak guzari” MFY 380 180 2020-yil 4860,0 3. Namangan shahar “Uchqun” MFY 549 240 2020-yil 6720,0 4. Namangan shahar “Majnuntol” MFY 401 240 2020-yil 6720,0 5. Namangan tuman “Xoʻjaqishloq” MFY 385 180 2020-yil 5400,0 6. Uychi tuman “Churtuk” MFY 480 240 2020-yil 6720,0 7. Namangan shahar “Sharshara” MFY 389 180 2021-yil 5 220,0 8. Namangan shahar “Yangi qurilish” MFY 624 240 2021-yil 6720,0 9. Namangan shahar “Namangan shahar” MFY 197 120 2021-yil 3360,0 10. Kosonsoy tuman “Chindovul” MFY 492 240 2021-yil 6720,0 11. Namangan tuman “Ibrat” MFY 382 180 2021-yil 5220,0 12. Uychi tuman “Mashad” MFY 510 240 2021-yil 6720,0 13. Namangan shahar “Madaniy-maorif” MFY 373 180 2022-yil 5 040,0 14. Namangan shahar “Sohibkor” MFY 305 120 2022-yil 3600,0 15. Namangan shahar “Haqiqat” MFY 428 240 2022-yil 6720,0 16. Kosonsoy tuman “Hurriyat” MFY 972 360 2022-yil 9720,0 17. Namangan tuman “Dehqonobod” MFY 162 120 2022-yil 3600,0 18. Uychi tuman “Ovchibuloq” MFY 510 240 2022-yil 6720,0 Jami 7891 3720 105 360,0
