Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimni yaratish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (688-son)
19.08.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son va “Xitoy Xalq Respublikasida oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 4-maydagi PQ-4308-son qarorlariga muvofiq, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali mexanizmlarni joriy etish va Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan “Costar Group Co. Ltd”, “CITIC Guoan Information Technology Co. Ltd” va “Huawei Technologies Co. Ltd.” (Xitoy) kompaniyalari oʻrtasida Toshkent shahrida 300 mln. AQSh dollari miqdoridagi “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv hamda ustav fondi 2 mln. AQSh dollari boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasini (keyingi oʻrinlarda qoʻshma korxonadeb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisida taʼsis shartnomasi imzolanganligi, undan:
42 foiz miqdordagi ulush (840 ming AQSh dollari) ― “Costar Group Co. Ltd” va “CITIC Guoan Information Technology Co. Ltd” kompaniyalari tomonidan pul mablagʻlarini kiritish evaziga shakllantirilishi;
58 foiz miqdordagi davlat ulushi (1 mln. 160,0 ming AQSh dollari) ― Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot-texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tomonidan pul mablagʻlarini kiritish evaziga shakllantirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni tashkil etish loyihani amalga oshirish doirasida asosiy vazifalar etib belgilansin:
Toshkent shahrida vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi;
Toshkent shahrida favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam xizmati, gaz tizimi avariya xizmatlarining shoshilinch tezkor xizmatlarini oʻz ichiga olgan 112 raqami ostidagi yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati;
davlat organlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahrida yoʻl harakati xavfsizligi va jamoat tartibini saqlashni boshqarishning mavjud kompyuterlashtirilgan tizimini hamda boshqa tashkilotlarning axborot tizimlarini “Xavfsiz shahar” tizimi bilan majburiy integratsiyalash;
yoʻl harakati qoidalari buzilishi holatlarini foto-video qayd qilish, turar joylar va ijtimoiy ahamiyatli obyektlar monitoringini olib borish, avtomobil turar joylari va toʻxtash joylarini tartibga solish, shuningdek, ekologik nazorat tizimlari faoliyat koʻrsatishi;
video kuzatuv tizimlari texnikasi va uskunalarini texnik jihatdan tartibga solish sohasida standartlar va normativ hujjatlarning belgilangan talablariga muvofiqligini oʻlchash va sertifikatlash boʻyicha laboratoriya;
loyiha doirasida jalb qilingan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning operativ, dispetcherlik va boshqaruv xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazi.
3. Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Loyihani amalga oshirish doirasida:
Markaz ― buyurtmachi;
“CITIC Guoan Information Technology Co. Ltd” kompaniyasi ― investor;
qoʻshma korxona ― bosh pudratchi tashkilot;
“Costar Group Co. Ltd” kompaniyasi ― yagona integrator;
“Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi hamda buyurtmachi bilan kelishgan holda bosh pudrat tashkilot tomonidan boshqa jalb qilingan subpudratchilar sifatida jalb qilinadigan xorijiy va mahalliy kompaniyalar ― tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilar etib belgilansin.
5. Markazga Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini saqlash va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vakolatli davlat tashkiloti funksiyasi yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzbektelekom” AK ning ikki oy muddatda Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Chilonzor koʻchasi, 2-uy manzilidagi bino va inshootlarning bir qismini, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan yer osti inshootini sarflangan sarf-harajatlarni inobatga olgan holda balans qiymatida “Oʻzbektelekom” AK ning davlat ulushini kamaytirish hisobiga Markazga operativ boshqaruv huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Markaz berilayotgan obyektlarda “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimining tarkibiy qismlari — Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va 112 raqami ostidagi yagona navbatchi-dispetcherlik xizmatini joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun jarimalar toʻlashdan tushgan tushum quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi ― respublika va mahalliy budjet, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot-texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida taqsimlangan holda Oʻzbekiston tomonga;
50 foizi — tuzilgan shartnomaga muvofiq investitsiya xarajatlari toʻliq qoplanguniga qadar bosh pudratchi tashkilot hisob raqamiga;
b) investorning investitsiya xarajatlari toʻliq qoplanganidan soʻng Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun bosh pudratchi tashkilot hisob raqamiga tushayotgan jarimalar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi;
v) Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi loyihasini amalga oshirish ishlari yakunlangach u davlat mulkiga oʻtkaziladi va uning kelgusidagi ishini taʼminlash va ishlab turishi uchun texnik qoʻllab-quvvatlash maqsadida Markazga operativ boshqaruv huquqi beriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda Moliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda vazirliklar va idoralar ― loyiha ishtirokchilari bilan oʻzaro hisob-kitoblarni tashkil etish uchun ajratmalar miqdori, shuningdek, Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun jarimalar toʻlashdan tushgan mablagʻlarni jamlash va taqsimlash tartibi haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Loyihani amalga oshirish doirasida bosh pudratchi tashkilot, investor va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilar 2029-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga muvofiq chetdan olib kiriladigan uskunalar, butlovchi buyumlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot va qurilish materiallari uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-son qaroriga muvofiq loyiha doirasida loyihalash va qurilish tashkilotlari xarid komissiyalari tomonidan baholanadigan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish ishlari loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda bajarilishiga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
12. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “OʻzGASHKLITI” DUK bilan birgalikda loyihani amalga oshirish doirasida:
uzoq muddat davomida foydalanishni taʼminlaydigan texnik talablarga amal qilgan holda barqaror yoʻl chiziqlarining tushirilishini, yoʻl belgilari va yoritish uskunalari oʻrnatilishini, axborot koʻrsatkichlari va yoʻl harakatini tartibga soluvchi boshqa texnik vositalarning oʻrnatilishini;
loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur maʼlumotlar (topografik suratga olish maʼlumotlari) buyurtmachiga va bosh pudratchi tashkilotga taqdim etilishini;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda elektr uzatish liniyalari va “Oʻzbektelekom” AK bilan birgalikda ― telekommunikatsiya tarmoqlari “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi obyektlariga tashqi tarmoqlardan mahalliy budjet mablagʻlari hisobiga ulanishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ loyihani amalga oshirish doirasida Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi obyektlari tashqi elektr uzatish tarmoqlariga belgilangan tartibda majburiy zaxiralash sharti bilan oʻz vaqtida ulanishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi investor yoki qoʻshma korxonaning buyurtmanomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy mutaxassislarni (bunday mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida boʻlmagan hollarda) jalb qilishga ruxsatnoma berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnoma berilishini (uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxadjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-avgust,
688-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 688-son qaroriga ILOVA
Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Tadbirlar nomi Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddatlari Masʼul ijrochilar 1. Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qoʻshma korxona tashkil etish. Korxona Ustavini kelishish va imzolash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish 2019-yil III-IV choraklar Axborot texnologiyalari vazirligi, Adliya vazirligi 2. Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi (asosiy va zaxira) binolarini qurish boʻyicha muhandislik-qidiruv ishlarini olib borish, dastlabki maʼlumotlarni toʻplash, hisobotlarni tuzish. Muhandislik-qidiruv ishlari natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash 2019-yil III-IV choraklar Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, FVV, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat ekologiya qoʻmitasi, “Oʻzstandart” AJ, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi 3. Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yaratish boʻyicha investitsiya loyihasining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash. Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini tayyorlash va ekspertizadan oʻtkazish 2019-yil IV chorak— 2020-yil I chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, FVV, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat ekologiya qoʻmitasi, “Oʻzstandart” AJ, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi 4. Toshkent shahrida Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi binolarini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish. Loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash 2019-yil IV chorak — 2020-yil IV chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, FVV, Qurilish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 5. Asbob-uskunalarni yetkazib berish boʻyicha kontrakt loyihasini ishlab chiqish va kelishish. Asbob-uskunalarni yetkazib berishga kontraktni imzolash 2019-yil III-IV choraklar Axborot texnologiyalari vazirligi 6. Toshkent shahrida Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi binolarini qurish. Qurilish-montaj ishlarini bajarish 2020-yil IV chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, Qurilish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 7. Videokuzatuv tizimi texnika va asbob-uskunalari, dasturiy taʼminot mahsulotlarini oʻlchash boʻyicha laboratoriyani akkreditatsiyadan oʻtkazish. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish 2020-yil IV chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi 8. Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazining asbob-uskunalarini montaj qilish, oʻrnatish va sinov rejimida ishga tushirish. Ishga tushirish — sozlash ishlarini bajarish 2019-yil IV chorak— 2020-yil II chorak Axborot texnologiyalari vazirligi 9. Integratsiyalangan tizimlarni, shu jumladan, Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi hamda Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimining boshqa komponentlarini ishga tushirish. Toshket shahrida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini ishga tushirish 2020-yil IV chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 10. Loyiha doirasida foydalaniladigan dasturiy taʼminot va asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish. Tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash Doimiy ravishda Axborot texnologiyalari vazirligi 11. Jamoat joylarida ekodatchiklar, videokuzatuv kameralarini va “aqlli” svetoforlar oʻrnatish boʻyicha muhandislik-qidiruv ishlarini olib borish, maʼlumotlarni toʻplash, hisobotlar tuzish. Muhandislik-qidiruv ishlari natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash 2020-yil II chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, FVV, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat ekologiya qoʻmitasi, “Oʻztransgaz” AJ, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi 12. Videokuzatuv kameralari, ekodatchiklar va “aqlli” svetoforlarni oʻrnatish. Ishga tushirish ― sozlash ishlarini bajarish 2020-yil III-IV choraklar Axborot texnologiyalari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, IIV, Davlat ekologiya qoʻmitasi 13. Respublikaning butun hududida “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash. Tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash 2020-yil IV chorak Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, FVV, Sogʻliqni saqlash vazirligi
Izoh. Tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son qarori bilan tashkil etilgan “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish boʻyicha loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining takliflari asosida qabul qilinadigan qaroriga asosan, xitoylik hamkorlar bilan muzokaralar natijalariga koʻra belgilanadigan mexanizmlar va muddatlarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkin.
