34-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi vujudga kelishining alohida hollari
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Chet ellik fuqarolar va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqni xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega boʻlmagan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga oʻtkazish maqsadida tuzilgan hujjatlar, bitimlar va amalga oshirilgan boshqa harakatlar haqiqiy emasdir.
Yuridik va jismoniy shaxslar bankrot boʻlganligi, merosni qabul qilib olganligi, yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi yoki tugatilganligi oqibatida va boshqa holatlarda yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega boʻlmagan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga oʻtgan taqdirda, olingan yer uchastkalari bunday holat yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran olti oy ichida oʻzga shaxsga oʻtkazilishi lozim.
