32-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari quyidagi huquqlarga ega:
xususiylashtirilgan yer uchastkasiga yuridik va jismoniy shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda, oʻz xohishiga koʻra va oʻz manfaatlari yoʻlida erkin egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shu jumladan undan garov predmeti sifatida foydalanish, yuridik shaxsning ustav kapitaliga (ustav fondiga) hissa sifatida kiritish, ijaraga berish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqining har qanday buzilishi bartaraf etilishini talab qilish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasida mustaqil ravishda xoʻjalik yuritish;
uy-joy, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy va boshqa imoratlar hamda inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzish.
